Jinoyat kodeksi 167-modda. Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish

Aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida boʻlgan oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) koʻp miqdorda; b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) juda koʻp miqdorda; b) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab; g) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib; d) mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.