Aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan mulkdorga ancha miqdorda zarar yetkazish, basharti, bu qilmishda talon-toroj qilishning alomatlari boʻlmasa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) moddiy javobgar shaxs tomonidan; v) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.