Jinoyat kodeksi 181-1-modda. Qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelish

Yuridik shaxsning mansabdor shaxsi, muassisi (ishtirokchisi) yoxud mol-mulkining mulkdori yoki jismoniy shaxs yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan shaxsiy manfaatlarini yoki boshqa shaxslarning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelish, yaʼni toʻlovga qobiliyatsizlikni qasddan yuzaga keltirish yoki koʻpaytirish, ushbu yuridik shaxsning yoki jismoniy shaxsning yoxud yakka tartibdagi tadbirkorning toʻlovga qobiliyatsizligiga olib kelsa, kreditorlarga koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.