Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yoʻli bilan ularga zarar yetkazish, yaʼni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash va (yoki) undan mahrum etish, xususiy mulkka tajovuz qilish, nomaqbulligi oldindan ayon boʻlgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish, mulkdorning mulkini olib qoʻyish yoxud uni oʻz mol-mulkiga boʻlgan huquqidan voz kechishga majburlash, shuningdek tovarlar va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishiga va (yoki) realizatsiya qilinishiga qonunga xilof ravishda aralashish yoxud toʻsqinlik qilish, talon-toroj alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.