Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) oʻtkazish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.