Tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllashni gʻayriqonuniy ravishda rad etish, qoʻllamaslik yoki qoʻllashga toʻsqinlik qilish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.