Jinoyat kodeksi 198-modda. Ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish

Olovga ehtiyotsizlik bilan munosabatda boʻlish natijasida ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga yoki boshqacha ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni qonunga xilof ravishda kesish koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.