Jinoyat kodeksi 21-modda. Qasddan sodir etilgan jinoyat

Ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom boʻlgan payt ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan vaqt deb hisoblangan boʻlib, uni sodir etgan shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagan va shunday qilmishni sodir etishni istagan boʻlsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb topiladi. Ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom boʻlgan payt ijtimoiy xavfli oqibat yuz bergan vaqt deb topilgan qilmishlar toʻgʻri yoki egri qasddan sodir etilgan boʻlishi mumkin. Agar shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga koʻzi yetgan va ularning yuz berishini istagan boʻlsa, bunday jinoyat toʻgʻri qasddan sodir etilgan deb topiladi. Agar shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga koʻzi yetgan va ularning yuz berishiga ongli ravishda yoʻl qoʻygan boʻlsa, bunday jinoyat egri qasddan sodir etilgan deb topiladi.