Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʻlmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Sugʻoriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda oʻzboshimchalik bilan egallab olish, — bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan, agar u oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda taʼminlasa hamda oʻzboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.