Jinoyat kodeksi 229-6-modda. Sugʻoriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga boʻlgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda oʻzga shaxsga berish

Sugʻoriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga boʻlgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda oʻzga shaxsga berish, — bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish: a) yerlarga koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; g) xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish: a) yerlarga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa; b) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — muayyan huquqdan mahrum qilib, sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxsga nisbatan, agar u yer uchastkasining qaytarilishini hamda yerning qishloq xoʻjaligi oborotiga kiritilishini taʼminlasa, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.