Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, ushbu Kodeksning 244¹-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) ommaviy tadbirlar jarayonida yoki favqulodda vaziyat holatida; b) juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan holda; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.