Voyaga yetmagan shaxsni spirtli ichimliklar isteʼmol qilishga, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hisoblanmagan, lekin kishining aql-idrokiga taʼsir qiladigan vositalar va moddalarni isteʼmol etishga jalb qilish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Voyaga yetmagan shaxsni giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini yoxud alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol etishga jalb qilish, — uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning yoxud ularning analoglarining yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasi bilan bogʻliq jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan; b) ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan shaxsga nisbatan; v) taʼlim tashkilotlarida, ularning hududida yoki talabalarning (oʻquvchilarning) yotoqxonalarida, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida yoxud talabalar (oʻquvchilar) tomonidan oʻquv, sport yoki jamoat tadbirlarini oʻtkazish uchun foydalaniladigan boshqa joylarda, shuningdek ularga tutash hududlarda sodir etilgan boʻlsa; g) odam oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.