Kompyuter axborotidan, yaʼni axborot-hisoblash tizimlari, tarmoqlari va ularning tarkibiy qismlaridagi axborotlardan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, agar ushbu harakat axborotning yoʻq qilib yuborilishi, toʻsib qoʻyilishi, modifikatsiyalashtirilishi, undan nusxa koʻchirilishi yoxud uning qoʻlga kiritilishiga, elektron hisoblash mashinalari, elektron hisoblash mashinalari tizimi yoki ularning tarmoqlari ishining buzilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda; g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.