Jinoyat kodeksi 285-modda. Bir-biriga tobe boʻlmagan harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish

Bir-biriga tobe boʻlmagan harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish, yaʼni muntazam xoʻrlash, azob berish, sogʻliqning buzilishiga sabab boʻlgan badanga yengil shikast yetkazish yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilish — ikki yilgacha xizmat boʻyicha cheklash yoxud bir yilgacha intizomiy qismga yuborish yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish: a) bir guruh shaxslar tomonidan; b) qurol ishlatib sodir etilgan boʻlsa; v) badanga ogʻir shikast yetkazilishga sabab boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish odam oʻlishiga sabab boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish: a) odamlarning oʻlimiga; b) boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.