Jinoyat kodeksi 46-modda. Axloq tuzatish ishlari

Axloq tuzatish ishlari shaxs ish haqining oʻn foizidan oʻttiz foizigacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uni mehnatga majburan jalb qilishdan iborat boʻlib, jazo sudning hukmiga muvofiq mahkumning oʻz ish joyi yoki mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda oʻtaladi. Axloq tuzatish ishlari olti oydan uch yilgacha muddatga tayinlanadi. Axloq tuzatish ishlari pensiya yoshiga yetganlarga, mehnatga qobiliyatsizlarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga va harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami oʻttiz kundan koʻprogʻini oʻtashdan uzrli sabablarsiz boʻyin tovlasa yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketsa, sud axloq tuzatish ishlarining oʻtalmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlangan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.