Jinoyat kodeksi 47-modda. Xizmat boʻyicha cheklash

Xizmat boʻyicha cheklash — harbiy xizmatni kontrakt boʻyicha oʻtayotgan harbiy xizmatchini sud hukmida koʻrsatilgan muddat davomida muayyan huquq va imtiyozlardan mahrum qilib, pul taʼminotining oʻn foizidan oʻttiz foizigacha boʻlgan miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolishdan iboratdir. Xizmat boʻyicha cheklash jazo chorasi ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan hollarda ikki oydan uch yilgacha muddatga qoʻllaniladi. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat yoki ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun sud ish holatlari va mahkumning shaxsini hisobga olgan holda uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazosi oʻrniga shu muddatga xizmat boʻyicha cheklash jazosini qoʻllashi mumkin. Xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazoni oʻtash muddati davomida mahkumning mansabini, harbiy yoki maxsus unvonini oshirish mumkin emas, jazoni oʻtagan vaqt esa, uning koʻp yil ishlaganlik, navbatdagi harbiy yoki maxsus unvon hamda pensiya olish uchun asos boʻladigan xizmat muddatiga qoʻshilmaydi.