Jinoyat kodeksi 57-modda. Yengilroq jazo tayinlash

Sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni eʼtiborga olib, alohida hollarda ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan mazkur jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkin. Sud shu asoslarni eʼtiborga olib, ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida qoʻllanilishi shart deb koʻrsatilgan qoʻshimcha jazoni tayinlamasligi ham mumkin. Sodir etilgan qilmish xususiyatlarini ifodalovchi holatlar, yaʼni aybdorning shaxsi, aybining shakli va darajasi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, shaxsning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvori jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topilishi mumkin.