Hukm etilgan shaxs amnistiya akti yoki afv etish asosida asosiy va ijro etilmagan qoʻshimcha jazolardan ozod qilinishi yoxud jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi yoki unga tayinlangan jazoning oʻtalmay qolgan qismi yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin. Agar amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoxud jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoʻllanilgan shaxs jazoning oʻtalmay qolgan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, sud unga ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha jazo tayinlaydi. Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazoning yigirma besh yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin, agar jazoni oʻtash davrida mahkum qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va oʻqishga nisbatan vijdonan munosabatda boʻlayotgan, tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning yigirma yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin berilishi mumkin. Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazo muddatining yigirma yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin, agar jazoni oʻtash davrida mahkum qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va oʻqishga nisbatan vijdonan munosabatda boʻlayotgan, tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning oʻn besh yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin berilishi mumkin.