Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Sudlanganlik ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va shaxs yangi jinoyat sodir etgandagina huquqiy ahamiyatga ega boʻladi. Sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor boʻladi. Jazoni oʻtagan, ammo qonunning oʻzgarishi bilan bunday qilmish jinoyat deb hisoblanmaydigan taqdirda, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlinishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan boʻlsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlgan shaxs sudlanmagan hisoblanadi, bundan oʻta ogʻir jinoyatlar yoki sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlganidan keyin oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar qasddan yangi jinoyat sodir etish hollari mustasno.