Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlari asosiy va qoʻshimcha jazolar oʻtab boʻlingan yoki ijro etilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar shaxs tayinlangan jazodan qonunda belgilangan tartibda muddatidan ilgari ozod qilingan yoxud jazo yengilrogʻi bilan almashtirilgan boʻlsa, sudlanganlik muddati muddatidan ilgari ozod qilingan yoki yengilrogʻi bilan almashtirilgan jazoning amalda oʻtab boʻlingan qismidan hisoblanadi. Agar ushbu Kodeksning 44 , 46-moddalari asosida hukm boʻyicha tayinlangan jazoni sud boshqa jazo bilan almashtirgan boʻlsa, sudlanganlik muddati jazoning amalda oʻtab boʻlingan yoki ijro etilgan qismidan hisoblanadi. Agar jazoni oʻtab chiqqan shaxs sudlanganlik holatining muddati tugamay, yana jinoyat sodir etsa, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning oʻtishi toʻxtatiladi. Ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holatining tugash muddati oxirgi sodir etilgan jinoyat uchun (asosiy va qoʻshimcha) jazoni amalda oʻtab boʻlganidan boshlab hisoblanadi.