Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxs, agar sodir etgan qilmishining xususiyatlari, aybdorning shaxsi va ishning boshqa holatlarini eʼtiborga olib, uni jazo qoʻllamasdan turib ham tuzatish mumkin degan xulosaga kelinsa, javobgarlikdan ozod qilinib, ish bolalar masalalari boʻyicha komissiyada koʻrishga topshirilishi mumkin. Besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash nazarda tutilgan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan yoki ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni takroran sodir etgan voyaga yetmagan shaxsni, mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlsa, sud jazodan ozod qilish va unga nisbatan majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishi shart. Voyaga yetmagan shaxs rivojlanishda oʻz yoshiga nisbatan ancha orqada qolgan boʻlsa va sodir etgan qilmishining ahamiyatini toʻla ravishda anglab yetmasa, sud jazo oʻrniga majburlov chorasi qoʻllash maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqishi shart.