Jinoyat kodeksi 97-modda. Qasddan odam oʻldirish

Qasddan odam oʻldirish — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish, yaʼni: a) ikki yoki undan ortiq shaxsni; b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolni; v) aybdorga ayon boʻlgan ojiz ahvoldagi shaxsni; g) oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini; d) boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli boʻlgan usulda; e) ommaviy tartibsizliklar jarayonida; j) oʻta shafqatsizlik bilan; z) nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda; i) tamagirlik niyatida; k) milliy yoki irqiy adovat zamirida; l) bezorilik oqibatida; m) diniy taassublar zamirida; n) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida; o) boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida; p) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoxud oʻsha guruh manfaatlarini koʻzlagan holda; r) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; s) oʻta xavfli retsidivist tomonidan qasddan odam oʻldirilishi — oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.