Jinoyat-protsessual kodeksi 113-modda. Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz

Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz — ariza beruvchining oʻzi sodir etgan jinoyati toʻgʻrisida u shu jinoyatni sodir etishda gumon qilinmasdan va unga ayblov eʼlon etilmasdan oldin bergan xabaridir. Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz ogʻzaki yoki yozma boʻlishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ogʻzaki xabarni bayonnomada aks ettiradi, unga arz qiluvchining shaxsiga doir maʼlumotlar kiritiladi va unda arzning mazmuni birinchi shaxs nomidan bayon qilinadi. Bayonnomaga arz qiluvchi va surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya imzo chekadi. Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan ushbu Kodeksning 112-moddasida koʻrsatilgan qoidalarga muvofiq baholanadi.