Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi va sud tevarak-atrof va binolarni quyidagi qoidalarga rioya qilgan holda koʻzdan kechiradilar. Fuqaroning uyi yoki xizmat joyini koʻzdan kechirish zarurati boʻlsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi yoki tergovchi bu haqda qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Turar joyi koʻzdan kechirilayotgan shaxs yoki tegishli korxona, muassasa, tashkilotning vakili chiqarilgan qaror yoki ajrim bilan tanishtirilib, bu haqda imzo chektiriladi. Koʻzdan kechirish korxonada, muassasada, tashkilotda oʻtkazilsa — maʼmuriyat vakilining, harbiy qismda, shtabda va muassasada oʻtkazilsa — qoʻmondonlik vakilining, zarur hollarda esa, moddiy javobgar shaxsning qatnashishi shart. Binolarni koʻzdan kechirishda ushbu Kodeksning 160 va 161-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinishi lozim.