Jinoyat-protsessual kodeksi 158-2-modda. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish

Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, zarur boʻlgan taqdirda tergovchi, surishtiruvchi ishtirok etadi. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, keyin taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.