Jinoyat-protsessual kodeksi 163-modda. Olib qoʻyish yoki tintuv bayonnomasi

Surishtiruvchi, tergovchi olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazilgani toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilgan holda bayonnoma tuzadi. Sud tomonidan oʻtkazilgan narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni olib qoʻyish natijalari sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi. Bayonnomada narsalarning, hujjatlarning va elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron jismlarning aynan qayerda va qanday sharoitda topilganligi, ixtiyoriy ravishda berilganligi yoki majburiy ravishda olinganligi koʻrsatilishi kerak. Barcha olingan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron jismlar bayonnomada birma-bir qayd qilinib, ularning miqdori, oʻlchovi, ogʻirligi, har qaysisining oʻziga xos belgilari koʻrsatilishi, zarurat boʻlgan taqdirda oʻralishi va muhrlanishi kerak. Olib qoʻyish yoki tintuv vaqtida izlanayotgan narsalarni yoki hujjatlarni yoxud elektron maʼlumotlarni yoʻq qilishga yoki yashirishga urinish hollari sodir boʻlgan taqdirda, bu hol surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan koʻrilgan choralar ham koʻrsatilib bayonnomada aks ettirilishi lozim.