Jinoyat-protsessual kodeksi 187-4-modda. Tadbirkorlik subyektlarini taftishdan oʻtkazish shartlari

Tadbirkorlik subyektlarini taftish qilish yuridik xizmat vakillari va (yoki) jalb etilgan advokatlar albatta ishtirok etgan holda (tadbirkorlik subyekti mazkur huquqdan voz kechgan hollar bundan mustasno) oʻtkaziladi. Yuridik xizmat vakilining ishtirokidan va (yoki) advokatning yuridik yordamidan voz kechish taftishning keyingi bosqichlarida tadbirkorlik subyekti tomonidan ularni jalb etish uchun toʻsiq boʻlmaydi. Taftish oʻtkazuvchi shaxs tadbirkorlik subyektining vakolatli vakiliga uning taftish oʻtkazishda ishtirok etishga yuridik xizmat vakilini va (yoki) advokatni jalb etishga yoxud ularning ishtirokidan voz kechishga boʻlgan huquqini taftish oʻtkazish boshlanguniga qadar yozma shaklda tushuntiradi va bu haqda bayonnoma tuziladi. Agar tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxsi yoki vakili tomonidan yuridik xizmat vakilini va (yoki) advokatni jalb etish niyati bildirilsa, taftish oʻtkazishning boshlanishi yuridik xizmat vakili va (yoki) advokat yetib kelguniga qadar, biroq koʻpi bilan yigirma toʻrt soatga toʻxtatib turiladi. Yuridik xizmat vakilining va (yoki) advokatning yigirma toʻrt soat ichida yetib kelish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, taftish ularning ishtirokisiz boshlanadi. Taftish oʻtkazish uchun asos boʻlib xizmat qiluvchi quyidagi hujjatlarning mavjud boʻlishi tadbirkorlik subyektini taftishdan oʻtkazishning majburiy shartidir: taftish tayinlash toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrim; vakolatli organning taftish oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi; taftish oʻtkazuvchi shaxsning xizmat guvohnomasi; taftishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi maxsus guvohnoma.