Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili turgan joy nomaʼlum boʻlgan taqdirda, taftish oʻtkazuvchi shaxs taftishni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish oʻtkazish haqidagi buyrugʻining koʻchirma nusxalarini tekshirilayotgan subyektning yuridik manziliga va uning mansabdor shaxsining yashash joyi manziliga uch ish kuni ichida buyurtma xat bilan yuboradi. Bunday holda buyurtma xat yuborilgan sana taftish oʻtkazish boshlangan sana deb hisoblanadi. Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yoki vakilining yoʻqligi taftishni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda taftish tekshirilayotgan subyektning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi, ishda mavjud boʻlgan hujjatlar, axborot va materiallar asosida oʻtkaziladi. Tekshirilayotgan subyektning hujjatlari, axboroti va materiallari yoʻqotilgan, yoʻq qilingan yoki mavjud boʻlmagan taqdirda, taftish oʻtkazuvchi shaxs taftishni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda koʻrsatilgan masalalarni oʻrganishni soliq, valyutaga oid, buxgalteriya toʻgʻrisidagi qonunchilikka va boshqa qonunchilikka muvofiq oʻtkazishi mumkin. Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma tekshirilayotgan subyektning yuridik manziliga va dalolatnomaning koʻchirma nusxasi tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yashash joyiga buyurtma xatlar bilan yuborilgan kun taftish oʻtkazish tugallangan kun deb hisoblanadi.