Jinoyat-protsessual kodeksi 225-modda. Ushlab turish bayonnomasini tuzish va ushlab turishning asosliligini tekshirish

Ushlab turilgan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan soʻng huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi ushlab turish bayonnomasini boshliqning koʻrsatmasiga binoan darhol tuzishi, unda quyidagilarni koʻrsatishi kerak: 1) bayonnoma tuzilgan joy va vaqtni; 2) ushbu shaxsning kimligi, kim tomonidan, qachon, qanday holatlarda, qonunda koʻrsatilgan qanday asoslarga koʻra ushlanganligini; 3) ushlangan shaxs qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligini; 4) ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga qaysi vaqtda olib kelinganligini; 5) shaxsiy tintuv qilish va olib qoʻyish natijalarini (ular oʻtkazilgan boʻlsa); 6) ushlashning videoyozuv orqali qayd etilganligi (u oʻtkazilgan boʻlsa), ushlangan shaxsning videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek shaxsni ushlash vaqtida foydalanilgan vositalarning texnik xususiyatlarini. Bayonnomani ushlab turishning asosliligini tekshirish vazifasi topshirilgan ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi, ushlab keltirgan vakolatli shaxs yoki fuqaro, ushlangan shaxs va xolislar imzo chekib, tasdiqlaydi. Ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organning xodimi amalga oshirilgan ushlab turish haqida ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan eʼtiboran oʻn ikki soat ichida prokurorga yozma shaklda xabar berishi shart. Ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish, hujjatlarni talab qilish va koʻzdan kechirish ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay oʻtkazilishi lozim. Ushlab turishga asos boʻlmagan taqdirda, ichki ishlar organi boʻlinmasining boshligʻi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlanganni ozod qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi. Qarorning nusxasi darhol prokurorga yuborila