Jinoyat-protsessual kodeksi 25-modda. Sudda ishlarni yuritishda tortishuv

Birinchi instansiya sudining sud majlisida, shuningdek ishlar yuqori sudlarda koʻrilayotganda ish yuritish taraflarning oʻzaro tortishuvi asosida amalga oshiriladi. Ish sudda koʻrilayotganda ayblash, himoya qilish va ishni hal qilish vazifalari bir-biridan alohida bajarilib, aynan bir organ yoki aynan bir mansabdor shaxs zimmasiga yuklatilishi mumkin emas. Birinchi instansiya sudida ish yuritish faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi yoxud tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash uchun ishni sudga yuborish toʻgʻrisidagi qaror mavjud boʻlganda boshlanishi mumkin. Davlat va jamoat ayblovchilari, sudlanuvchi, voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili, himoyachi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud majlisida taraflar sifatida ishtirok etadilar va dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyatga molik har qanday masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar. Sud ayblov yoki himoya tarafida turmaydi hamda ularning biron-bir manfaatlarini ifodalamaydi. Sud xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda taraflar protsessual majburiyatlarini bajarishlari va berilgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoitlar yaratib beradi.