Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan boʻyin tovlashining oldini olish, uning bundan keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, hukmning ijro etilishini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi. Ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasportdan (harakatlanish hujjatidan) foydalanib, xorijda harakatlanishi mumkin, deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlsa, mazkur pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishi toʻxtatib turilishi mumkin. Ayblanuvchi pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi masala ushbu bobda belgilangan tartibda, sudlanuvchi pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi masala esa, ushbu Kodeksning 423-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal qilinadi. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchi shaxsga nisbatan qoʻllaniladi. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tugatishga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning huquqiy maqomini bekor qilishga sabab boʻlmaydi. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish deganda pasportning, biometrik pasportning, xorijga chiqish uchun biometrik pasportning va fuqaroligi boʻlmagan shaxs harakatlanish hujjatining amal qilishini vaqtinchalik toʻxtatib turish tushuniladi.