Jinoyat-protsessual kodeksi 254-11-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklashni bekor qilish

Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash jinoyat ishi surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida tugatilganda, sudda esa jinoyat ishini tugatish haqida ajrim chiqarilganda yoki hukm qonuniy kuchga kirganda bekor qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklashga zarurat qolmaganda esa ushbu chora ajrim chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan bekor qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida jinoyat protsessida ishtirok etishi zarurligi yoki sogʻligʻining yomonlashuvi va unga Oʻzbekiston Respublikasi hududida tibbiy yordam koʻrsatish imkoni yoʻqligi yoki xorijdagi yaqin qarindoshlarining vafoti bilan bogʻliq uzrli sabablar yuzaga kelgan hollarda, tegishincha prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan, shuningdek prokuror yoxud sud tomonidan, ajrim chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda bekor qilinishi mumkin.