Jinoyat-protsessual kodeksi 254-9-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish

Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Zarur hollarda, surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanib, u gumon qilinuvchining, ayblanuvchining Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash zaruriyatini asoslab beradi. Keyin himoyachi, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kiradi.