Jinoyat-protsessual kodeksi 262-modda. Majburiy keltirish lozim boʻlgan shaxslar

Majburiy keltirish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining, guvohning protsessual harakatlarda yoki sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun, basharti ular uzrsiz sabablarga koʻra kelishdan bosh tortganligi aniqlangan taqdirda, qoʻllaniladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchini oldindan chaqiruvsiz majburiy keltirish ular surishtiruv, dastlabki tergov va suddan yashirinib yurgan yoki aniq yashash joyi boʻlmagan taqdirda qoʻllanilishi mumkin. Sudlanuvchining sudga kelmaganligi sababini oldindan aniqlamasdan turib, majburiy keltirishga alohida hollarda, ishni koʻrish sudlanuvchi boʻlmaganligi sababli keyinga qoldirilayotgan va bunda uning turgan joyi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlmagan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Guvohga yoki jabrlanuvchiga nisbatan majburiy keltirishning qoʻllanilgani ularni koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikdan ozod qilmaydi.