Jinoyat-protsessual kodeksi 27-modda. Protsessual harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish huquqi

Protsess ishtirokchilari va boshqa shaxslar, shuningdek jinoyat ishini yuritishdan manfaatdor boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari ushbu Kodeksda belgilab qoʻyilgan tartibda va muddatda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va sudning protsessual harakati yoki qarori ustidan shikoyat berishga haqlidir. Mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari sudning hukmi (ajrimi) ustidan tegishincha apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida shikoyat berishga, prokuror protest bildirishga haqli. Protsessning istalgan paytida iltimosnoma bildirish va shikoyat berish mumkin. Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin. Ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlganda, shuningdek boshqa zarur hollarda sudning talabi bilan hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi.