Sud majlisida tartibni buzgan, raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunmagan yoki sudni behurmat qilgan taqdirda tartibbuzar bunday harakatlarning takrorlanishi uni sud majlisi zalidan chiqarib yuborishga sabab boʻlajagi haqida, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tartibbuzar esa, bundan tashqari, maʼmuriy javobgarlikka tortilishi ham mumkinligi xususida ogohlantiriladi. Bu ogohlantirish taʼsir qilmasa, protsess ishtirokchisi sudning ajrimiga, boshqa shaxslar esa, raislik qiluvchining farmoyishiga muvofiq sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi. Ishni koʻrish chiqarib yuborilgan shaxslarsiz davom ettiriladi. Sudning ajrimi ayblovchi yoki himoyachiga taalluqli boʻlsa, ishni eshitish keyinga qoldirilishi lozim, bir shaxsni bir necha ayblovchi ayblayotgan yoki bir necha himoyachi himoya qilayotgan hollar bundan mustasnodir. Zaldan chiqarib yuborilgan ayblovchi yoki himoyachining nomunosib xulq-atvori toʻgʻrisida sud xususiy ajrim chiqarib, uni tegishliligiga qarab, yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga yuboradi. Sud zalidan sudlanuvchi chiqarib yuborilgan boʻlsa, hukm uning ishtirokida eʼlon qilinishi yoki eʼlon qilinganidan keyin unga darhol maʼlum qilinib, tilxat olinishi lozim. Sud majlisi zalidan chiqarib yuborilgan shaxs (sudlanuvchi, ayblovchi va himoyachi bundan mustasno) raislik qiluvchi tomonidan uning joyning oʻzida chiqargan ajrimiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ajrim sud majlisining bayonnomasida qayd etiladi.