Jinoyat-protsessual kodeksi 282-modda. Daʼvoni tan olish, taraflarning oʻzaro kelishuvi va daʼvodan voz kechish oqibatlari

Ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki fuqaroviy javobgarning daʼvoni tan olganligi, shuningdek fuqaroviy daʼvogar, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud fuqaroviy javobgarning oʻzaro kelishganlik toʻgʻrisidagi arizasi fuqaroviy daʼvo boʻyicha ish yuritishning tugatilishiga olib kelmaydi va surishtiruvchini, tergovchini fuqaroviy daʼvoga doir holatlarni sinchkovlik bilan, toʻla, har tomonlama va xolisona tekshirish majburiyatidan, sudni esa fuqaroviy daʼvoni koʻrish va hal qilish majburiyatidan ozod etmaydi. Daʼvodan voz kechishning qabul qilinishi daʼvo boʻyicha ish yuritishni tugatishga asos boʻladi va jinoyat protsessida ham, fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida ham fuqaroviy daʼvogarni oʻsha shaxsga xuddi shu asos bilan daʼvoni qayta qoʻzgʻatish huquqidan mahrum qiladi.