Xatlangan mol-mulk olib qoʻyilib, saqlash uchun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoxud boshqa tashkilot vakiliga topshirilishi mumkin. Xatlangan mol-mulk mulkdorga yoki mol-mulk egasiga, uning voyaga yetgan oila aʼzolaridan biriga yoki boshqa shaxsga saqlab turish uchun qoldirilib, unga ushbu mol-mulkning toʻla-toʻkis saqlanishi uchun qonunda nazarda tutilgan javobgarlik tushuntiriladi va bu haqda undan tilxat olinadi. Muomalada boʻlishi man qilingan ashyolar har qanday hollarda ham olib qoʻyilishi kerak. Ularni saqlash tartibi qonun bilan belgilanadi. Bank muassasalarida saqlanayotgan pullar, shuningdek davlat zayomi obligatsiyalari, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar olib qoʻyilmaydi, lekin mol-mulk xatlangani toʻgʻrisidagi qarorni yoki ajrimni olish bilanoq, ularni xarjlash operatsiyalari toʻxtatib qoʻyiladi.