Shaxsning qisman reabilitatsiya etilishiga quyidagilar asos boʻladi: 1) shaxsning qamoqda yoki uy qamogʻida saqlab turilganiga qaraganda kamroq muddatga ozodlikdan mahrum etishga yoki ozodlikni cheklashga yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilinganligi; 2) hukmdan ayblovning qisman chiqarib tashlanganligi va buning natijasida qonunga koʻra qamoqda yoki uy qamogʻida saqlash yoxud ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash mumkin emasligi; 3) ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash muddatining yuqori sud tomonidan haqiqatda oʻtalgan muddatga qaraganda kamaytirilganligi yoxud boshqa yengilroq jazo turi bilan almashtirilganligi; 4) jinoiy jazo tayinlamay hukm chiqarilgan hollarda ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻining, tibbiy muassasaga joylashtirishning asossizligi. Qisman reabilitatsiya etish ayblanuvchiga yoki mahkumga yetkazilgan mulkiy ziyonning asossiz qismi qoplanishiga va maʼnaviy ziyon oqibatlarining asossiz qismi bartaraf qilinishiga sabab boʻladi.