Uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddat ish yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan tiklanishi lozim. Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnomani qanoatlantirish yoki rad etish xususida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Muddatni tiklashning rad etilishi ustidan umumiy tartibda shikoyat qilinishi va protest bildirilishi mumkin. Belgilangan muddat oʻtkazib yuborilgandan soʻng shikoyat qilinganda ajrim yoki qarorning ijrosi manfaatdor protsess ishtirokchisining iltimosiga binoan, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi masala hal qilinguniga qadar toʻxtatib turilishi mumkin.