Kelib tushgan xabarda jinoyat haqida emas, balki maʼmuriy, intizomiy yoki boshqa huquqbuzarlik yoxud axloq normalari buzilganligi haqida maʼlumot boʻlsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish bilan bir paytda xabarni huquqni buzgan shaxsga nisbatan maʼmuriy, intizomiy javobgarlik yoki jamoat taʼsir choralari qoʻllash uchun huquqni buzgan shaxs ishlaydigan yoki oʻqiydigan joy maʼmuriyatiga, uning turar joyidagi jamoaga, jamoat birlashmasiga yoki bolalar masalalari boʻyicha komissiyaga, tegishli vakolatlarga ega boʻlgan davlat organi yoki mansabdor shaxsga yuboradi. Kelib tushgan xabarda fuqarolarning siyosiy, mehnat, uy-joy, oilaviy yoki boshqa huquqlari buzilganligi, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarining fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida qoʻriqlanadigan qonuniy manfaatlari buzilganligi koʻzga tashlansa, unda ishni qoʻzgʻatishni rad qilish bilan bir vaqtda manfaatdor shaxslarga sudga murojaat qilish huquqlari va tartibi tushuntirilishi lozim. Basharti ular maʼlum sabablarga koʻra, sud orqali oʻzlarini himoya qilishni soʻrash imkoniyatiga ega boʻlmasalar, prokuror bunday shaxslarni himoya qilib, sudga ariza bilan murojaat etishga haqlidir.