Jinoyat-protsessual kodeksi 361-modda. Jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qaror

Shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror chiqaradi, unda: 1) ayblanuvchi tariqasida jalb etilayotgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan kuni, oyi va yili; 2) ayblovning mazmuni, yaʼni shaxsning zimmasiga qoʻyilayotgan jinoyat hodisasi, u sodir etilgan joy, vaqt va boshqa muhim holatlar bayoni; 3) Jinoyat kodeksining ushbu jinoyatni nazarda tutgan moddasi, qismi, bandi aks ettirilishi lozim. Jinoyat kodeksining turli moddalari, qismlari yoki bandlarida nazarda tutilgan bir necha jinoyatni sodir etishda ayblaganda, bu jinoyatlardan har birining mohiyati va yuridik tavsifi alohida koʻrsatilishi lozim. Qarorning xulosa qismida mazkur shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisida toʻxtamga kelinganligi ifodalanishi lozim.