Ayblanuvchi va uning himoyachisini jinoyat ishidagi barcha materiallar bilan tanishtirib boʻlgach, tergovchi, basharti ishni sudga yuborish uchun yetarli asoslar borligi toʻgʻrisidagi fikri oʻzgarmagan boʻlsa, ayblov xulosasi tuzadi. Ayblov xulosasi tavsif-asoslantirish va xulosa qismlaridan iborat boʻladi. Tavsif qismida dastlabki tergovda aniqlangan holatlar: jabrlanuvchi, shuningdek ayblanuvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; ayblanuvchining aybdorligini tasdiqlovchi dalillar, ayblanuvchining oʻzini himoya qilish uchun keltirgan vajlari va ularni tekshirish natijalari bayon qilinadi. Xulosa qismida ayblanuvchining shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltiriladi hamda eʼlon qilingan ayblovning mazmuni Jinoyat kodeksining shu jinoyatni nazarda tutgan moddasi yoki moddalarini ham koʻrsatgan holda bayon qilinadi. Ayblov xulosasida bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi ish sahifalari koʻrsatilishi kerak. Ayblov xulosasi qayerda va qachon tuzilganligi koʻrsatilib, tergovchi tomonidan imzolanadi.