Ayblanuvchi, himoyachi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari ish bilan tanishib chiqishgach yoki biror sababga koʻra tanishib chiqishdan bosh tortganlaridan keyin surishtiruvchi ulardan qoʻshimcha surishtiruv harakatlarini oʻtkazish yoki yangi qarorlar qabul qilish xususida iltimoslari bor yoki yoʻqligini aniqlaydi. Taraflarning arizasiga binoan ularga iltimosnomalar tayyorlash va taqdim qilish uchun ikki sutka doirasida vaqt berilishi mumkin. Surishtiruvchi iltimosnomani toʻla yoki qisman rad qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi va bu haqda iltimosnoma berilgan vaqtdan boshlab uch sutka ichida arizachiga xabar beradi. Arizachi iltimosni qondirish rad qilinganligi toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishib chiqqanidan keyin ikki sutka ichida prokurorga rad etilganlik ustidan shikoyat qilishi mumkin.