Jinoyat-protsessual kodeksi 40-modda. Jamoat birlashmalari va jamoalarning jinoyat protsessida koʻrilishi lozim boʻlgan ariza va iltimoslari

Jamoat birlashmalari va jamoalar, ularning rahbar organlari hamda vakillari sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat toʻgʻrisidagi xabar bilan surishtiruv organiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga murojaat etishlari mumkin. Ular: ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida jamoat birlashmasi yoki jamoa kafilligiga berishni tanlash haqida; mahkumni muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish haqida; ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarning jazoni oʻtash sharoitlarini oʻzgartirish haqida; sudlanganlikni olib tashlash haqida va boshqa masalalar boʻyicha ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda iltimos qilishga haqlidirlar.