Jinoyat ishini sudda muhokama qilishga tayinlash toʻgʻrisida sudyaning ajrimi chiqarilgan vaqtdan boshlab koʻpi bilan oʻn sutkada sud ishni koʻrishni boshlashi lozim. Jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati ishni muhokama qilish boshlangan kundan eʼtiboran ikki oydan oshmasligi kerak. Jinoyat ishini koʻrish toʻxtatib turilgan vaqt ishni muhokama qilish muddatiga kirmaydi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddat birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudining raisi tomonidan toʻrt oygacha uzaytirilishi mumkin. Sudlarda jinoyat ishlarini koʻrib chiqish muddatini toʻrt oydan koʻproqqa uzaytirishga alohida hollarda faqat murakkab va koʻp voqeali ishlar boʻyicha yoʻl qoʻyiladi. Birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan besh oygacha boʻlgan bunday uzaytirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari va olti oygacha boʻlgan shunday uzaytirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan amalga oshiriladi.