Jinoyat-protsessual kodeksi 409-modda. Sud muhokamasida prokurorning ishtiroki

Prokuror birinchi instansiya sudlarida jinoyatlarga doir ishlarni koʻrishda ishtirok etib, davlat ayblovini quvvatlaydi, dalillarni tekshirishda ishtirok etadi, sudlanuvchilarga, jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar va sudga taklif etilgan boshqa shaxslarga savollar beradi, Jinoyat kodeksining normalarini qoʻllash, sudlanuvchining harakatlarini tavsiflash, unga jazo turini va meʼyorini tayinlash toʻgʻrisida hamda sud hal etishi lozim boʻlgan boshqa masalalar yuzasidan oʻz fikrini bayon qiladi, jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar haqida hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar xususida oʻz fikrini bildiradi. Prokuror davlat ayblovini quvvatlar ekan, ushbu Kodeksning, Oʻzbekiston Respublikasi boshqa qonunlarining talablariga va ishning barcha holatlarini qarab chiqishga asoslangan oʻz ishonchiga amal qiladi. Sud tergovi maʼlumotlari asosida prokuror sudlanuvchiga qoʻyilgan ayblovni oʻzgartirish zarur degan xulosaga kelsa, u bu haqda sudga asoslantirilgan bayonot berishi shart. Sud muhokamasi natijasida prokuror sud tergovi maʼlumotlari sudlanuvchining aybsizligidan dalolat beradi degan ishonchga kelsa, u ayblovdan voz kechishi va voz kechish sabablarini sudga bayon qilishi shart. Prokurorning ayblovdan voz kechishi sud tomonidan jinoyat ishini reabilitatsiya asoslariga koʻra tugatishga sabab boʻladi. Prokuror ayblovning mazmunini oʻzgartirish yoki ayblovdan voz kechish sabablari xususidagi fikrini sudga yozma ravishda taqdim etishi shart. Prokuror, basharti fuqarolarning huquqlarini va jamiyat manfaatlarini muhofaza etish maqsadlari talab qilsa, daʼvo qoʻzgʻatadi yoki jabrlanuvchi tomonidan qoʻzgʻatilgan fuqaroviy daʼvoni quvvatlaydi. Prokuror jinoyat ishlarini koʻrishda yoki hukmni ijro etish bilan bogʻliq masalalarni yoxud ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda boshqa masalalarni hal etishda apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida ishtirok etadi.