Jinoyat-protsessual kodeksi 468-modda. Ayblov hukmining qaror qismi

Ayblov hukmining qaror qismida: 1) sudlanuvchining familiyasi, ismi va otasining ismi; 2) sudlanuvchining jinoyat sodir etganlikda aybli deb topilganligi toʻgʻrisidagi qaror; 3) Jinoyat kodeksining sudlanuvchining aybli deb eʼtirof etilishiga asos boʻlgan moddasi (moddaning qismi, bandi), shuningdek sudlanuvchining oʻta xavfli retsidivist deb topilganligi, basharti sud shunday qaror qabul qilgan boʻlsa; 4) sudlanuvchi aybli deb topilgan har bir jinoyati uchun tayinlangan jazo turi va meʼyori; Jinoyat kodeksining moddalariga muvofiq uzil-kesil tayinlangan va oʻtalishi lozim boʻlgan jazo chorasi; ozodlikdan mahrum etilgan shaxsning jazo muddatini oʻtashi lozim boʻlgan tegishli tartibli koloniya turi; 4¹ ) ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm etilgan shaxs uchun belgilanadigan taqiqlar (cheklashlar); 5) sudlanuvchi shartli ravishda hukm qilingan boʻlsa, sinov muddati va mahkumning ustidan kuzatuv olib borish vazifasi yuklatilgan jamoa yoki shaxs; 6) ushlab turilgan yoki qamoqda yoxud uy qamogʻida saqlangan vaqtni jazo tayinlashda jazo muddati hisobiga kiritish toʻgʻrisidagi qaror; 7) hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasiga doir qaror; 8) mahkumning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar; 9) ushbu Kodeksning 533-moddasida nazarda tutilgan asoslar aniqlangan hollarda hukmning ijrosini kechiktirish toʻgʻrisidagi qaror koʻrsatiladi. Basharti sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan ayblov qoʻyilgan boʻlsa, hukmning qaror qismida sudlanuvchi qaysi moddalar boʻyicha oqlanganligi va qaysi moddalar boʻyicha hukm qilinganligi koʻrsatilishi lozim. Sudlanuvchi jazoni oʻtashdan ozod qilingan boʻlsa, bu haqda hukmning qaror qismida koʻrsatiladi. Barcha hollarda tayinlangan jazo shunday ifodalanishi lozimki, toki hukmni ijro etishda sud tayinlagan jazo turi va meʼyori xususida hech qanday shubha tugʻilmasin.