Jinoyat-protsessual kodeksi 473-modda. Hukmni eʼlon qilish

Sud hukmni imzolaganidan keyin sud majlisi zaliga qaytib chiqadi va raislik qiluvchi yoki xalq maslahatchisi hukmning qaror qismini eʼlon qiladi. Sud majlisi zalida hozir boʻlganlarning hammasi, shu jumladan sud tarkibi ham hukmni tik turib eshitadilar. Agar hukm sudlanuvchi bilmaydigan yoki yetarlicha bilmaydigan tilda bayon qilingan boʻlsa, hukmning qaror qismi eʼlon qilingandan keyin, mazkur qism tarjimon tomonidan sudlanuvchining ona tilida yoki u tushunadigan boshqa tilda oʻqib eshittirilishi kerak. Raislik qiluvchi sudlanuvchiga va boshqa taraflarga hukmning mazmunini, hukm ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish muddati va tartibini tushuntiradi. Basharti sudlanuvchi favqulodda jazo chorasi — umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan boʻlsa, unga afv etishni soʻrab iltimos qilish huquqi ham tushuntiriladi.