Jinoyat-protsessual kodeksi 497-11-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish

Ish boʻyicha birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda ushbu Kodeksning 497²-moddasida nazarda tutilgan shaxslar tomonidan xususiy shikoyat berilishi yoki xususiy protest bildirilishi mumkin. Hukm chiqarish bilan yakunlangan sud muhokamasi chogʻida chiqarilgan ajrim ustidan shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda, ish faqat hukm ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berish uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin apellyatsiya instansiyasi sudiga yuboriladi. Sud muhokamasi chogʻida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlashga, uni oʻzgartirishga yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga taalluqli ajrimlar ustidan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shikoyat berish va protest bildirish mumkin emas. Ularga qarshi eʼtirozlar apellyatsiya shikoyatiga yoki apellyatsiya protestiga kiritilishi mumkin. Ushbu ish boʻyicha taraf hisoblanmagan shaxslar ham sud ajrimi ustidan, agar ajrim ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, shikoyat berishga haqlidir.